AQSh Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiyaga yuborilganini rasman tasdiqladi
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Qo‘shma Shtatlar hukumatida Shimoliy Koreya harbiy kuchlarining Rossiyaga yuborilgani to‘g‘risida dalillar mavjudligini tasdiqladi.
“Bizning tahlilchilarimiz buni kuzatishda davom etmoqda. Endi biz shimoliy koreyalik qo‘shinlar Rossiyaga yuborilgani to‘g‘risidagi dalillarni ko‘rmoqdamiz, – dedi Ostin. – Ular nima qilayotganini hali aniqlash kerak. Ammo, Rossiyada KXDR qo‘shinlari borligi to‘g‘risida dalillar mavjud”.
Ukraina va Janubiy Koreya Shimoliy Koreyani Rossiyaning davom etayotgan urushida yordam berish uchun qo‘shin yuborganlikda bir necha bor ayblagan. NATO va AQSh shu paytgacha qo‘shinlar ko‘chishi to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqlamagan edi.
“Agar ular bu urushda Rossiya tomonida ishtirok etishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, bu juda, juda jiddiy masala, – deya qo‘shimcha qildi Ostin. – Buning oqibatlari nafaqat Yevropaga ta’sir qiladi. Bu Hind-Tinch okeani mintaqasidagi vaziyatga ham ta’sir qiladi”.
Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Rossiyada taxminan 3000 nafar shimoliy koreyalik askar (ular 1500 kishidan iborat ikki guruhda yuborilgan) bor, dekabrga kelib esa ularning soni 10000 kishigacha oshishi kutilmoqda.
Sharhlar