AQSH Isroilni Eronga qarshi turishda qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi

Фото: Кун

AQSH Isroilni Eron va uning malaylari tomonidan bo‘layotgan tahdidlarga qarshi turishda qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant bilan telefon orqali muzokaralar chog‘ida ma’lum qilgan, deb yozadi “RIA Novosti”.

“Davlat kotibi Blinken AQSH Isroil xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi”, — dedi Davlat departamenti rasmiy vakili Mettyu Miller. Uning qo‘shimcha qilishicha, suhbat chog‘ida vazir va davlat kotibi G‘azo sektorida ushlab turilgan asirlarni ozod qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muhokama qilgan.

Ayni paytda Isroil yaqin kunlarda Eron tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum bo‘lishini kutmoqda. 1-aprel kuni Isroil aviatsiyasi Eronning Damashqdagi elchixonasiga zarba bergan, oqibatda Islom inqilobi posbonlari korpusining ikki nafar genarali va yana besh a’zosi halok bo‘lgan edi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi Isroilning hujumini qoralab, uni xalqaro huquqlarning qo‘pol ravishda buzilishi deb atadi. Shuningdek, Eron javob reaksiyasi ko‘rsatish va “tajovuzkorni jazolash” borasida qaror qabul qilishini bildirdi.

10-aprel kuni Eron diniy yetakchisi oyatulloh Ali Xomeneiy Tehron diplomatik missiyaga hujumni “Eron hududiga berilgan zarba” deb baholayotganini va shu sababli, Isroil “jazolanishi shart”ligini ma’lum qildi.

Avvalroq Agar BMT Xavfsizlik kengashi Isroilning Damashqdagi Eron elchixonasiga berilgan zarbasini qoralab chiqsa, Eron javob zarbasi berishdan voz kechishi mumkinligi haqida islom respublikasining tashkilotdagi missiyasi ma’lum qilgan edi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.