AQSH Raisiyning halokati tufayli uchinchi jahon urushi boshlanishidan xavfsiramoqda
AQSH ma’muriyati xodimlari Eron prezidenti Ibrohim Raisiy o‘tirgan vertolyot qulaganidan keyingi ilk soatlarda qidiruv-qutqaruv operatsiyasi va Tehronning reaksiyasini “xavotir bilan” kuzatib borgan, deb yozadi Politico.
Uch nafar yuqori mansabli amaldorning so‘zlariga ko‘ra, ma’muriyatdagilar ushbu halokat Yaqin Sharqdagi vaziyatni qanday o‘zgartirib yuborishi va Eron unda kimni ayblashi haqidagi savollarni o‘zlariga bergan. Ba’zilar Tehron aviahalokatga AQSH va Isroilni aloqador qilishi mumkin, xususan, Vashington va Tel-Aviv vertolyotni ishdan chiqargan, deb aytishi mumkin, deya taxmin qilgan. Suhbatdoshlardan birining aytishicha, qaysidir vaqtga kelib, “Nahotki uchinchi jahon urushi shu tarzda boshlanadi?” — degan savol mantiqsiz bo‘lmay qolgan.
Shu bilan birga, ilk razvedka ma’lumotlari halokatga noqulay ob-havodan boshqa omil sababchi bo‘lganini taxmin qilish imkonini bermayapti. Ammo Eron maxsus komissiyasi hodisaning aniq sabablarini o‘rganib chiqadi, parvozning ob-havo va texnik sharoitlarini belgilaydi.
Shunga qaramay, Jo Bayden ma’muriyati Tehron “farazli ayblovlar”ni ilgari surishidan, natijada Isroil bilan aloqalar keskinlashishidan xavfsiramoqda.
Sharhlar