AQSHning Kanzas-Siti shahrida ommaviy otishma sodir bo‘ldi (foto)

Foto: CNN

AQSHning Missuri shtati Kanzas-siti shahrida ommaviy otishma yuz berdi, oqibatda bir kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi “RBK”.

NBC telekanali shahar yong‘in xizmatiga tayanib ma’lum qilishicha, otishmada 20 kishi jabrlangan. ABC telekanali 21 nafar jabrlanuvchi haqida xabar qilgan.

CNN telekanali 22 kishi yaralangani haqida ma’lum qilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, AQSHda 2024 yil boshidan buyon 48-marta shunday hodisa yuz berishidir.

ABC qayd etishicha, otishma “Kanzas-siti Chifs” jamoasi Milliy futbol ligasi (NFL, amerika futboli) final o‘yini — Superboulda g‘olib chiqqani munosabati bilan tantanali yurish bo‘lib o‘tgan Yunion-Steyshn vokzalidan g‘arb tomonda boshlangan. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, tantanada shaharning 1 million nafargacha aholisi qatnashishi kerak edi.

Kanzas-siti politsiyasi boshlig‘i Steysi Greyvs ma’lum qilishicha, hodisadan so‘ng huquq-tartibot organlari uch nafar gumonlanuvchini qo‘lga olgan.

Shahar yong‘in xavfsizligi vakili aniqlik kiritishicha, o‘qotar quroldan jabrlanganlar kasalxonaga yotqizilgan. 15 kishi hayot uchun xavf tug‘diradigan darajada yaralangan.

Shahar bolalar kasalxonalaridan biri telekanalga xabar qilishicha, jabrlanganlar orasida 12 nafar bola bor, ularning 9 nafari o‘qotar quroldan yaralangan.

Paradda xavfsizlik qariyb 800 nafar kuch xodimlari tomonidan ta’minlangan. Kanzas-siti meri Kuinton Lukas hodisadan keyin yangragan tanqidlarga javoban: “Mana, qurol qanday oqibatlarga olib keladi”, — dedi. U politsiyachilar va boshqa huquq-tartibot xodimlarini maqtab, paradda o‘ta tirishqoqlik bilan ishlaganini qayd etdi.

Huquq-tartibot organlari vakillari tergov hodisani terakt emas, oddiy jinoyat sifatida ko‘rib chiqishga moyillik bildirayotganini ma’lum qildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.