Armaniston KXShTdan chiqadi. Ushbu jarayon muddati hozircha belgilanmagan
Armaniston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan (KXShT) chiqadi. Bu haqda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan parlamentdagi hukumat soati chog‘ida ma’lum qildi.
“Chiqamiz. Bu qachon bo‘lishini o‘zimiz hal qilamiz. Siz nima deb o‘ylaysiz? Keyingi qadam nima? Biz ortga qaytamiz, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, boshqa yo‘l yo‘q. Xavotir olmang, biz ortga qaytmaymiz”, – dedi u muxolifatchi siyosatchining Armaniston nega KXShTdan noroziligini bildirgan holda uni tark etmayapti, degan savoliga javoban (iqtibosni “Interfaks” keltiradi).
Bungacha Pashinyan Armaniston bir oy ichida Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolashga tayyorligini aytgan edi.
“Ha, biz bir oy ichida tinchlik shartnomasini imzolashga tayyor ekanligimizni e’lon qildik. Bu bizning baholashimizga ko‘ra, tinchlik bitimi matni hozir to‘liq yetilgan va uni yakunlash va imzolash mumkin, degan ma’noni anglatadi”, — dedi u.
Bugun, avvalroq, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ hududidan to‘liq olib chiqib ketilganini ma’lum qilgandi.
Fevral oyidan beri Armanistonning KXShTdagi ishtiroki muzlatib qo‘yilgan. Pashinyan Rossiyani bir necha oy oldin arman xalqini hukumatni ag‘darishga chaqirganlikda aybladi.
Shundan so‘ng Armaniston Rossiya hukumatiga Yerevandagi Zvartnots aeroportida rossiyalik chegarachilar faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida rasmiy xat yubordi.
Armanistondagi Rossiya qo‘shinlari Gyumridagi 102-harbiy bazada joylashgan. Ular xizmat qilishni istamagani uchun Armanistonga jo‘nab ketgan rossiyalik dezertirlarni o‘g‘irlab, o‘z bazasida ushlab turgan kamida ikkita holat ma’lum. O‘g‘irlanganlardan biri Rossiyaga deportatsiya qilingan.
Sharhlar