Armaniston Xavfsizlik kengashining kotibi Rossiya Tog‘li Qorabog‘ni “qo‘lga kiritib”, uni Ozarbayjonga berganini bildirdi

Фото: aysor.am

Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan Rossiya Tog‘li Qorabog‘ni “qo‘lga kiritib”, uni Ozarbayjonga berganini bildirdi. Bu haqda u jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi, deb yozadi “Armenpress”.

“Bu biz butunlay Rossiyaga qaram bo‘lganimizda sodir bo‘ldi. Rossiya keldi, Tog‘li Qorabog‘ni bizdan oldi, Ozarbayjonga qaytardi, keyin ketdi, bor haqiqat shu. Men Rossiya Tog‘li Qorabog‘ni bosib olganini ta’kidlayman”, — dedi Grigoryan.

Uning fikricha, “Rossiyaning ruxsatisiz” 2020-yilda Qorabog‘da 44 kunlik urush bo‘lmasdi, natijada Boku mintaqaning qariyb yarmini nazorat ostiga oldi, qolgan qismida esa Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashgan.

“Armaniston butunlay Rossiyaga qaram bo‘lganida, bizda urush bo‘lmaganmi? Bizda urush bor edi. Aytaylikki, biz shu paytgacha ana shu mavjud vaziyat tufayli urushda edik. Biz bu o‘zgarishlar orqali barqarorlikka erishishga harakat qildik va bu o‘zgarishlar barqarorlik olib kelishiga ishonchimiz komil”, — dedi u mamlakat tashqi siyosati vektoridagi o‘zgarishlar haqida gapirar ekan (News.am iqtibos).

Grigoryan, shuningdek, Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik 96 foizdan 10 foizga tushib ketganini da’vo qilmoqda. U qaysi davr haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi, faqat “bu Rossiyaning qarori va tanlovi” ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya “qurol va o‘q-dorilarni yetkazib bermaslikka qaror qilgan va ular hozirgacha yetkazib bermayapti”.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 2024-yil fevralida Armaniston KXShTdagi ishtirokini “muzlatib qo‘yganini” aytdi. May oyi oxirida u 2020-yilda Tog‘li Qorabog‘da Ozarbayjon bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishda KXShTga kiruvchi ikki davlat ishtirok etganini aytdi. Politico nashri 2018-2022 yillarda Belarus Ozarbayjonga harbiy yordam berganini yozgandi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.