Putin Asad bilan uchrashib, uni Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvidan ogohlantirdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24-iyul kuni Suriya prezidenti Bashar Asad bilan muzokaralar olib bordi, uchrashuv Kremlda bo‘lib o‘tdi, deb yozadi “Kommersant”. Ular Yaqin Sharqdagi vaziyatni va Rossiya-Suriya aloqalarini rivojlantirishni muhokama qildi.
Bugun, 25-iyul kuni Kreml matbuot xizmati muzokaralardan videolavha e’lon qildi. Uchrashuv boshida Putin Asad bilan Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatni muhokama qilishni istashini aytgan. Rossiya prezidenti vaziyat “keskinlashishga moyil” ekanini ta’kidlagan.
Shuningdek, muzokaralarning Putin tomonidan belgilangan yana bir mavzusi — Rossiya va Suriya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar bo‘ldi. “Ushbu sohada istiqbolli yo‘nalishlar bor, ammo ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikka nisbatan savollar juda ko‘p, — dedi Putin. — Umid qilamanki, buni ham siz bilan muhokama qila olamiz”.
Asad, o‘z navbatida, o‘tgan o‘n yil ichida Suriya va Rossiya “juda murakkab sinovlardan o‘tgani”ni, biroq ular orasidagi munosabatlar “ishonchli daraja”da saqlanib qolganini qayd etdi. “Bugungi kunda butun dunyoda va Yevrosiyo mintaqasida yuz berayotgan voqealarni hisobga olganda, bizning bugungi uchrashuvimiz ushbu voqealar rivoji tafsilotlarini, ehtimoliy istiqbollar va ssenariylarni muhokama qilish uchun o‘ta muhim hodisadir”, — dedi u.
Bashar Asad rahbarligidagi Suriya delegatsiyasi Moskvaga oxirgi marta 2023-yil martida tashrif buyurgan edi.
Sharhlar