Assanj sud zalida ozod qilindi, uning ishi rasman tugatildi
AQSH Federal okrugi sudyasi Saypan orolida WikiLeaks asoschisi Julian Assanj va AQSH Adliya vazirligi o‘rtasidagi bitimni ma’qulladi, uning doirasida Assanj josuslik to‘g‘risidagi qonunni buzganlik ayblovini qisman tan oldi. Bu haqda “Kommersant” xabar bermoqda.
Sudya jurnalistni u Buyuk Britaniya qamoqxonasida o‘tab bo‘lgan muddatga hukm qildi va ish yopilganini e’lon qildi. Britaniyadagi amerikalik advokatlar Assanjni ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovni qaytarib oldi.
WikiLeaks asoschisining advokati Jennifer Robinson 26-iyunni “14 yillik yuridik janglarga yakun yasagan” va “21-asrda AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi tuzatishga nisbatan eng katta xavf deb tan olingan” ishga nuqta qo‘ygan “tarixiy kun” deb atadi.
Majlisda sudya Assanjdan u qilgan jinoyat aynan nimadan iborat bo‘lgani haqida so‘radi. “Jurnalist sifatida ishlab, men o‘z manbamni maxfiylashtirilgan deb da’vo qilingan axborotni taqdim etishga undadim”, — deya javob berdi Assanj. Shu bilan birga, u AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan, so‘z va matbuot erkinligini kafolatlovchi birinchi tuzatish uning jurnalistik faoliyatini “himoya qilgani”ni ta’kidladi. “O‘ylashimcha, birinchi tuzatish va josuslik to‘g‘risidagi qonun bir-biriga zid”, — dedi jurnalist.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq London Oliy sudi 2019-yildan buyon Londonning Belmarsh qamoqxonasida saqlanib kelgan WikiLeaks asoschisi Julian Assanjni garov evaziga ozod etgandi.
WikiLeaks — Julian Assanj tomonidan 2006-yilda asos solingan sayt bo‘lib, maxfiy ma’lumotlarni e’lon qilishga ixtisoslashgan. 2010-yilda saytda Iroq va Afg‘onistondagi nizolarga aloqador ma’lumotlar joylangan. AQSH jurnalistga maxfiy axborotni fosh qilganlik va uni qo‘lga kiritish uchun til biriktirganlik uchun 18 ta modda bo‘yicha ayblovlar e’lon qildi. Ushbu ayblovlar bo‘yicha u 175 yilga qamoqqa hukm qilinishi kerak edi.
2012-yil iyunidan Julian Assanj Londondagi Ekvador elchixonasi hududida yashagan. 2019-yil aprelida Ekvador uni diplomatik boshpanadan mahrum qildi. Shundan keyin WikiLeaks asoschisi Britaniya politsiyasi tomonidan qo‘lga olindi, so‘ng Belmarsh qamoqxonasiga o‘tkazildi. O‘shandan buyon u AQSHga ekstraditsiya qilinmaslik uchun kurashib kelayotgan edi.
Sharhlar