Ayollarga mehnat haqini past to‘lagani uchun Apple kompaniyasi sudga berildi
Apple kompaniyasining ikki xodimi Jastina Chong va Amina Salgado kompaniyani Kaliforniya shtatining mehnatga teng haq to‘lash to‘g‘risidagi qonunini buzganlikda aybladi.
San-Fransisko sudiga taqdim etgan da’volarida ular rahbariyat muhandislik va marketing bo‘limlarida hamda Kaliforniyadagi AppleCare kompaniyasida ishlaydigan 12 000 nafar ayolga tizimli ravishda kam haq to‘laganini aytishmoqda.
Apple kompaniyasida 10 yildan ortiq ishlagan da’vogarlarning aytishicha, bir xil miqdordagi ish uchun mehnat haqi kompaniyadagi erkaklar va ayollar o‘rtasida sezilarli darajada farq qiladi.
Chonning so‘zlariga ko‘ra, u xuddi shu ishni bajaradigan erkak hamkasbiga qaraganda 10 ming dollarga kam maosh olgan. Mukofotlar va ish natijalari bo‘yicha bonuslar masalasida ham rahbariyat erkaklarga ustunlik bergan.
Da’vogarlar mavjud muammoning sabablaridan biri sifatida yangi xodimlar uchun ish haqi ularning umidlari va oldingi ish joylaridagi daromadlaridan kelib chiqib belgilanadigan ish haqini ko‘rsatishmoqda. Bu usul “erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tarixiy ish haqi nomutanosibligini saqlab qoldi”, deydi Salgado va Chon.
Sharhlar