Bag‘dod yaqinidagi harbiy baza aviazarbaga uchradi. AQSH hujumga aloqadorligini rad etdi
Iroqning Bag‘dod shahridan janubda joylashgan Kalsu harbiy bazasida kuchli portlash yuz berdi, deb yozadi “Kommersant”. Obyekt Iroqning “Al-Xashd ash-Shaabiy” (“Xalq safarbarligi kuchlari”) militsiya tashkiloti tomonidan foydalaniladi. Uning bo‘linmalari Iroqda Amerika qo‘shinlariga hujumda qatnashgan. AQSH hujumga aloqadorligini rad etdi.
Reuters manbalariga ko‘ra, portlashga aviazarbalar sabab bo‘lgan. Harbiy bazaga kim hujum qilgani noma’lum. Nishon esa “Al-Xashd ash-Shaabiy” tashkiloti shtabi bo‘lgan. Hech kim halok bo‘lmagani, ammo moddiy zarar yetkazilgani aytilmoqda. AFP ma’lumotlariga ko‘ra esa bir kishi halok bo‘lib, sakkiz kishi yaralangan.
AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Iroqqa berilgan aviazarbada Amerika qo‘shinlari qo‘li borligi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Al-Xashd ash-Shaabiy” tashkiloti Eronga yaqin qurolli guruhlar birlashmasi sifatida yuzaga kelgan. Keyinroq Iroq hukumati ularni rasmiy xavfsizlik kuchlari deb tan olgan. Tashkilotga kiradigan bo‘linmalar bir necha oylar davomida Iroqdagi Amerika qo‘shinlariga raketa va dronlar yordamida zarbalar berib kelgan va shu tariqa G‘azo sektoridagi urushda falastinliklarni qo‘llab-quvvatlagan. Fevralda zarbalar to‘xtatilgan.
AQSH yanvar va fevralda Iroqdagi obyektlarga hujum qilgan. Bag‘dod bunga javoban mamlakatdan chet el harbiy kontingentini chiqarib yuborishga qaror qilgan.
Sharhlar