Rossiya AQSHgacha uchib borishga qodir yadroviy raketani sinovdan o‘tkazdi
Rossiyaning Astraxan viloyatidagi Kapustin Yar poligonidan qit’alararo ballistik raketa sinov maqsadlarida uchirildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
“Ushbu parvoz istiqbolli raketalar majmualarining davlat sinovi doirasida, shuningdek, arsenaldagi raketalar barqarorligiga ishonch hosil qilish uchun amalga oshirildi”, — deya aniqlik kiritdi idora.
Mudofaa vazirligi parvoz vazifalari to‘liq ko‘lamda bajarilgani hamda Rossiya raketalarining mamlakat strategik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “yuqori darajada ishonchliligi” tasdiqlanganini ma’lum qildi. Aynan qanaqa raketa uchirilganiga aniqlik kiritilmadi.
Qit’alararo ballistik raketalar 5500 kilometrdan ko‘proq masofaga uchadi. Ular yadroviy jangovar kallaklarni tashiy oladi hamda uzoq masofadagi dushman strategik obyektlariga zarbalar berish uchun mo‘ljallangan.
Sharhlar