Bangladeshdagi namoyishlarda bir kunda 90 kishi halok bo‘ldi
Yakshanba kuni Bangladeshda Bosh vazir Shayx Hasinaning iste’fosini talab qilgan norozilik namoyishlari boshlangan va kamida 90 kishi halok bo’lgan. O‘lganlar orasida poytaxt Dakkadan 100 km shimolda joylashgan Sirajganj shahridagi politsiya bo‘limiga uyushtirilgan hujumda halok bo‘lgan 13 politsiyachi bor.
Iyul oyida boshlangan norozilik namoyishlari davlat xizmatidagi ish o‘rinlari uchun kvota tizimini bekor qilishni talab qilib talabalar tomonidan uyushtirilgan. Bu vaqt ichida 280 dan ortiq odam halok bo‘ldi.
Dakkada politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan. Bosh vazir mamlakatda mobil internetni to‘xtatishni buyurdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Volker Turk Bangladesh rasmiylarini zo’ravonliklarni to’xtatishga chaqirdi va Dushanba kuni Dakkada o’tkazilishi rejalashtirilgan ommaviy yurishdan xavotir bildirib, vaziyatning yanada avj olish xavfidan ogohlantirdi.
“Hukumat tinch namoyishchilarni ta’qib qilishni bas qilishi, hibsga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishi, internetga kirishni tiklashi va konstruktiv muloqot uchun sharoit yaratishi kerak”, – dedi u.
Sharhlar