Barselona aeroportida terminal va uchish-qo‘nish yo‘laklari suv ostida qoldi

Фото: Ministerio Transportes y Movilidad Sostenible

Ispaniyada kuchli yomg‘irlar davom etmoqda, jala yomg‘irlari Valensiyadan mamlakatning shimoli-sharqiga, Barselonaga ko‘chdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Barselonaning El-Prat aeroporti terminalini suv bosayotgani aks etgan videoroliklar paydo bo‘ldi.

Kuchli yomg‘ir aeroportda dushanba kuni ertalab boshlangan, kun yarmiga kelib 70 ta reys bekor qilingan, 17 tasi esa boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan.

Barselona qizil ogohlantirish belgisi ostida

Ispaniyaning AEMET milliy meteorologiya agentligi Barselona uchun “kuchli yomg‘ir tufayli haddan tashqari xavf” borligini aytib, qizil ogohlantirish e’lon qildi. Rasmiylar “agar zarurat bo‘lmasa, sayohat qilishdan voz kechishni” tavsiya qilmoqda.

Barselona Ispaniyaning ekstremal ob-havo sharoitidan zarar ko‘rgan yana bir hududiga aylandi. Qurbonlar soni 200 dan oshgan Valensiyada tiklash va tozalash ishlari davom etmoqda.

Aeroportni suv bosganidan keyin Barselonada reyslar bekor qilindi yoki kechiktirildi

Barselona aeroportining Aena operatori aeroportda kuchli yomg‘ir oqibatlarini bartaraf etish uchun “inqiroz qo‘mitasi” tashkil etilganini aytdi.

Chop etilgan videolarda suv shift orqali aeroport terminaliga kirib, uchish-qo‘nish yo‘laklaridan birini suv bosganini ko‘rish mumkin.

Aeroport veb-saytida bo‘lajak reyslarning ko‘pchiligi bekor qilingan yoki kamida bir soatga kechiktirilgan. Aeroport ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar 70 ta reys bekor qilingan. Uchib kelish ham kechiktiriladi yoki bekor qilinadi, bu holat kechgacha davom etadi.

Parvozingiz bekor qilinmagan bo‘lsa ham, aeroportga borishda qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin, aeroportga olib boruvchi yo‘llar suv ostida qolgani va jamoat transporti to‘xtab qolgani xabar qilingan. Barcha yo‘lovchilarga parvoz holati to‘g‘risida o‘z aviakompaniyalariga murojaat qilish tavsiya etiladi.

El Pratga eng ko‘p reyslarni amalga oshiruvchi Vueling aviakompaniyasi zarar ko‘rgan yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tish punktlarini ochganini bildirgan.

 

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.