Bayden aqliy qobiliyatini tekshirish uchun test topshirishdan bosh tortdi
AQSH prezidenti Jo Baydenning aqliy qobiliyatini tekshirishga ehtiyoj yo‘q, deya ma’lum qildi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyer jurnalistlar bilan matbuot anjumani chog‘ida.
“Men prezident bilan juda ko‘p soatlab vaqt o‘tkazganman va ishonchim komilki, u o‘tkir zehnga ega va vaziyatni nazorat qila oladi”, — dedi u.
Jan-Pyer ta’kidlashicha, Bayden o‘z shifokorining doimiy kuzatuvi ostida bo‘lib, u ham Amerika yetakchisi hech qanday muammolarsiz fikrlashi va ishlashiga shubha bildirmaydi.
Avvalroq Adliya departamenti ma’ruza e’lon qilib, davlat rahbarining “xotirasi yomon”ligi, saylovchilar esa uning zehniga nisbatan jiddiy xavotir bildirayotganini qayd etgandi.
Shuningdek, 11-fevralda Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq xodimi Larri Jonson prezident Baydenning kuchayib borayotgan demensiyasi uni mamlakat xavfsizligiga nisbatan tahdidga aylantirishi va Amerika hukumatining boshqa davlatlar, shu jumladan Rossiya ko‘z oldidagi obro‘yini pasaytirishini aytgandi.
10-fevral kuni esa Jon Xopkins universiteti professori jarroh Marti Makari Fox News kanaliga bergan intervyusida Baydenda zo‘rayib borayotgan qarilik demensiyasi belgilari ko‘zga tashlanayotganini qayt etgandi. Shifokor aniqlik kiritishicha, har qanday odam vaqti-vaqti bilan qaysidir so‘zlarni unutib qo‘yishi yoki xatoliklar qilishi mumkin, ammo Baydenning holatida xotirasidagi uzilishlar va nutqning sekinlashuvi shiddat bilan rivojlanayotgani sezilarlidir.
81 yoshli Jo Bayden AQSH tarixidagi eng keksa prezident bo‘lib, uning sog‘lig‘i doimiy ravishda muhokamalarga va AQSH aholisi xavotirlariga sabab bo‘lib keladi. Uning o‘zini g‘alati tutishi va tez-tez xato qilishi ko‘pchilik amerikaliklarda uning ruhiy saomatligiga nisbatan shubha uyg‘otgan.
Sharhlar