Bayden impichment haqidagi ish bo‘yicha o‘z ko‘rsatmalarini berishdan bosh tortdi
Oq uy AQSH Vakillar palatasining nazorat bo‘yicha qo‘mitasi raisi Jeyms Komerni prezident Bayden qo‘mitadagi eshituvlar chog‘ida impichmentga oid surishtiruv doirasida ko‘rsatmalar bermasligi haqida xabardor qildi, deb yozadi CNN.
“Sizning impichment haqidagi ish bo‘yicha surishtiruvingiz yakunlangan. Biz prezident Baydenga ko‘rsatmalar berish uchun qilgan taklifingizni rad etamiz”, — deyiladi prezident maslahatchisi Richard Sauber yo‘llagan xatda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bayden “hech qanday yomon ish qilmagan”. Sauber Komerni “yolg‘on va tasdiqlanmagan ayblovlar”ni tarqatishda aybladi.
Mart oxirida AQSH Vakillar palatasidagi respublikachilar Baydenni 16-aprel kuni nazorat qo‘mitasi qarshisida oilasining biznes operatsiyalari haqida ko‘rsatmalar berishga taklif qilgandi.
Respublikachilar bir necha oylardan buyon impichment bo‘yicha surishtiruv olib bormoqda, u asosan Baydenlar oilasining biznes kelishuvlariga qaratilgan bo‘lib, Jo Baydenning vitse-prezident davridagi xatti-harakatlari va o‘g‘li Xanterning faoliyati o‘rtasidagi aloqani topishga urinmoqda.
Sharhlar