Bayden Ukrainaga harbiy yordam to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Foto: Reuters

AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 61 milliard dollar hajmida harbiy yordam ajratilishini ko‘zda tutuvchi milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, deb yozadi Meduza. Bu haqda u Oq uydagi brifingda ma’lum qildi.

“Bu Amerika uchun yaxshi kun, bu yevropaliklar uchun yaxshi kun, bu dunyo uchun yaxshi kun — va bu muhim ahamiyatga ega”, — dedi Bayden.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunning imzolanishi nafaqat Amerika uchun, balki butun dunyo uchun xavfsizlikni oshiradi, AQSH ittifoqchilari uchun esa hayotiy muhim ko‘mak va o‘zini himoya qilish imkoniyati demakdir.

AQSH prezidenti qo‘shimcha qilishicha, Vashington Kiyevga harbiy yordam yetkazib berishni “yaqin soatlarda” boshlaydi. “Biz Ukrainaga havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari uchun o‘q-dorilar, artilleriya uchun, raketa tizimlari uchun, armiya texnikasi uchun uskunalar yuborishni boshlaymiz”, — deya aniqlik kiritdi Bayden.

Ukraina uchun 1 milliard dollarlik birinchi yordam paketiga havo hujumiga qarshi mudofaa uchun raketalar, Stinger ko‘chma zenit-raketali majmualar, Javelin tankka qarshi tizimlar, HIMARS baravar o‘t ochish raketa tizimi uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar, 155 millimetrli artilleriya o‘qlari, Bradley jangovar piyoda mashinalari va boshqa uskunalar kirdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.