Bayden AQSH prezidenti saylovidan o‘z nomzodini olib tashladi
AQSH prezidenti Jo Bayden yangi muddatga qayta saylanishga harakat qilmasligini va prezident saylovidan o‘z nomzodini olib tashlashini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. U muddat oxirigacha prezident lavozimida qolishini ta’kidladi. Bayden, shuningdek, o‘z vitse-prezidenti Kamala Xarrisni davlat rahbari saylovi uchun nomzod sifatida “to‘liq qo‘llab-quvvatlashi”ni bildirdi.
“Fikrimcha, men o‘z nomzodimni olib, muddat oxirigacha prezident sifatidagi majburiyatlarimni bajarishga diqqat-e’tiborimni qaratsam, o‘z partiyam va mamlakatim manfaatlari yo‘lida harakat qilgan bo‘laman”, — deyiladi prezidentning X ijtimoiy tarmog‘iga joylangan rasmiy murojaatida.
Uning qayd etishicha, AQSH so‘nggi uch yilda, ya’ni uning prezidentlik davrida iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, iqlim o‘zgarishi va boshqa sohalarda “katta progress”ga erishgan, shuningdek, koronavirus pandemiyasidan o‘tgan. AQSH prezidenti o‘z vitse-prezidenti Kamala Xarrisga ham minnatdorlik bildirib, uni “ish bo‘yicha ajoyib sherik” deb atadi.
So‘nggi uch haftadan buyon Jo Bayden uning saylovoldi kampaniyasi tugatilishini talab qilayotgan partiyadoshlari tomonidan bosimga duch kelayotgan edi. Bunga Donald Trampga qarshi telemunozalardagi muvaffaqiyatsiz chiqishi sabab bo‘ldi. Demokratik partiya homiylari Baydenning chiqishidan keyin uning kampaniyasiga xayriya qilishdan bosh tortgan. AQSHda saylovlar 5-noyabrda bo‘lib o‘tadi.
Sharhlar