Jo Bayden yana koronavirusga chalindi
AQSH prezidenti Jo Bayden koronavirusga topshirgan testi musbat natija berdi, deb yozadi “Kommersant”. Oq uydagilar ishontirishicha, davlat rahbari kasallikni yengil o‘tkazadi. Biroq uning bugun, 18-iyulga rejalashtirilgan nutqi qoldirildi, u Las-Vegasda UNIDOSUS konferensiyasida chiqish qilishi kerak edi.
“Bugun avvalroq Las-Vegasdagi birinchi tadbirdan keyin prezident Bayden COVID-19 ga test topshirib, musbat natija oldi. U bir necha marta emlangan, unda yengil simptomlar kuzatilmoqda”, — dedi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyer brifing chog‘ida.
Bayden Delaver shtati Rexobot-Bich shahridagi uyida o‘z-o‘zini yakkalash davrini o‘tkazadi. Unga Paxlovid virusga qarshi preparatining birinchi inyeksiyasi yuborilgan.
Oq uy saytiga joylangan tibbiy xulosaga ko‘ra, bugun Jo Baydenda yuqori nafas yo‘llari kasalligi belgilari, shu jumladan, tumov va yo‘tal qayd etilgan. Shundan keyin shifokorlar undan COVID-19 ga tahlillar olgan. Natija esa musbat chiqqan.
Baydenda koronavirus birinchi marta aniqlanayotgani yo‘q. 81 yoshli AQSH prezidenti COVID-19 ga chalingani haqida so‘nggi bora 2022-yil iyulida xabar berilgan edi. O‘shanda unda o‘rtacha darajadagi simptomlar kuzatilgan, u masofadan turib ishlagan edi. Yetti kundan keyin esa uning sog‘aygani xabar berilgandi.
Sharhlar