Bayden Falastinning bir tomonlama tan olinishiga qarshi chiqadi
AQSH prezidenti Jo Bayden mustaqil Falastin davlatining bir tomonlama tan olinishiga qarshi chiqmoqda, deb yozadi DW.
Bayden “ikki xalq uchun ikki davlat” konsepsiyasining qat’iy tarafdori hisoblanadi va o‘zining butun siyosiy karyerasi davomida shuning tarafdori bo‘lib kelgan. Bu haqda AQSH Milliy xavfsizlik kengashi rasmiy vakili Edriyenn Uotson ma’lum qildi.
Oq uy rahbari Falastin davlati “bir tomonlama tan olish yo‘li bilan emas, balki ikkala tomon bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar orqali” yaratilishi kerak, deb ishonadi, dedi Uotson. U Ispaniya, Irlandiya va Norvegiyaning mustaqil Falastin davlatini tan olish qarorini bevosita izohlab o‘tirmadi.
O‘sha kuniyoq AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan jurnalistlarga har bitta mamlakat Falastin davlatini tan olish haqida mustaqil qaror qabul qilishi mumkinligini aytdi.
Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ba’zi Yevropa mamlakatlarining Falastin davlatini tan olish niyati “terrorizmni mukofotlash” deb hisoblanishini aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 22-may kuni Yevropaning uch davlati — Norvegiya, Ispaniya va Irlandiya Falastin mustaqilligini tan olishi haqida rasman e’lon qildi. Ularning qarori 28-maydan kuchga kiradi. Ushbu xatti-harakatlarga javoban, Isroil bu mamlakatlardan o‘z elchilarini chaqirib olishini ma’lum qildi.
Falastin davlatini BMTga a’zo 193 mamlakatdan 143 tasi rasman tan oladi, ular orasida Rossiya va Xitoy ham bor. Falastin davlatchiligini AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Isroil kabi mamlakatlar tan olmaydi.
Sharhlar