Bayden koronavirusdan sog‘ayganidan keyin birinchi marta omma oldiga chiqdi (video)
AQSH prezidenti Jo Bayden koronavirus tufayli o‘z-o‘zini yakkalash rejimini o‘tkazgan Delaver shtatidagi qarorgohini tark etdi, deb yozadi “Kommersant”. Jurnalistlar Oq uy rahbarini Vashingtonga uchib ketishdan oldin samolyot zinasidan ko‘tarilayotgan paytida tasvirga tushirdi. Bu Bayden saylovoldi kampaniyasidan chiqishini e’lon qilganidan keyin omma oldida birinchi marta paydo bo‘lishidir. Avvalroq Vakillar palatasi a’zosi Loren Bobert prezidentdan tirik ekanligini isbotlashni talab qilgandi.
Jurnalistlarning o‘z sog‘lig‘i haqidagi savollariga prezident javob bermadi, biroq bosh barmog‘ini tepaga qilib ko‘rsatdi, shundan so‘ng zinadan ko‘tarilib, samolyotga chiqdi. Prezidentni davolovchi shifokor Kevin O’Konnor Bayden koronavirusga topshirgan oxirgi test manfiy natija berganini ma’lum qildi. Shunday bo‘lsa-da, Oq uy rahbari shifokorlar kuzatuvi ostida qoladi.
Jo Bayden koronavirus bilan kasallanganidan keyin 17-iyuldan buyon omma oldiga chiqmagan edi. O‘z nomzodini olib tashlashi haqida u 21-iyul kuni yozma ravishda ma’lum qildi. 22-iyul kuni o‘z o‘rniga nomzodlikka taklif qilgan vitse-prezident Kamala Xarrisning nutqiga audioaloqa orqali qo‘shildi.
Sharhlar