Baydenning oilasi uni Tramp bilan muvaffaqiyatsiz teledebatdan keyin qayta saylanish uchun kurashdan voz kechmaslikka chaqirdi
AQSh prezidenti Jo Baydenning oilasi uni Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan teledebatdagi yomon natijaga qaramay, qayta saylanish uchun kurashni davom ettirishga chaqirdi. CNNning ikki manbasiga ko’ra, Baydenning qarindoshlari uni Washington tashqarisidagi Kemp-Devid uyidagi yig‘ilishda qo‘llab-quvvatlab, 81 yoshli prezidentni so‘zsiz qo‘llashlarini yana bir bor takrorladilar.
Nyu-York Tayms gazetasi, shuningdek, oila Baydenni bahsdan so‘ng tanqidlarga qaramay, nomzodini qaytarib olmaslikka qattiq da’vat qilganini xabar qildi. Politico ta’kidlashicha, qarindoshlari Baydenning muvaffaqiyatsizligida uning maslahatchilari aybdor deb hisoblashgan, chunki u Trampni tanqid qilishga tayyor emas va ikkinchi muddatga o‘z qarashlarini taqdim etish o‘rniga mudofaaga e’tibor qaratgan.
Avvalroq, oila Baydenni qayta saylanish uchun keyingi kurashdan voz kechishga ishontirishga urinishi mumkinligi xabar qilingandi.
Oq uy Kemp Deviddagi uchrashuv oldindan rejalashtirilgani va inqiroz emasligini ta’kidlab, vaziyatni yumshatishga harakat qildi. Uchrashuv dasturiga mashhur fotograf Enni Leybovits bilan fotosessiya kiritilgan bo‘lib, unda prezidentning farzandlari va nevaralari ishtirok etgan.
Bayden 1-iyul, dushanba kuni Oq uyga qaytadi. Boshqa tadbirlar qatorida Demokratik partiya donorlari bilan uchrashuvlar ham rejalashtirilgan. 28-iyun kungi debatda muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga qaramay, Bayden o‘zidan oldingi prezident Donald Tramp kabi noyabrda qayta saylanishga umid qilmoqda. Biroq uning nutqi Qo‘shma Shtatlarda uning prezident lavozimini egallash qobiliyati va yoshroqqa o‘z o‘rnini bo‘shatish zarurligi haqida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Sharhlar