Belarus chegarachilari: “RDK” Ukraina va Belarus chegaralarida razvedka ishlarini olib bormoqda

Фото: Госпогранкомитет Беларуси / БЕЛТА

“Russkiy dobrovolcheskiy korpus” (“Rossiya ko‘ngillilar korpusi”) Ukraina va Belarus chegaralari yaqinida razvedka ishlarini olib bormoqda, deya da’vo qilmoqda Belarus chegarachilari. Bu haqda BELTA davlat axborot agentligiga Davlat chegara qo‘mitasining rasmiy vakili Anton Bichkovskiy ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Mozir chegara otryadining chegarachilari Ukraina hududidan Belarus tomon uchirilgan dronni urib tushirgan. Bu 26-iyun kuni Gomel oblastining Yelsk rayonida yuz bergan. Bichkovskiyning aytishicha, dronning flesh-kartasida dron “chegara hududida joylashgan sanoat ob’ektlari, shuningdek, chegara infratuzilmasini razvedka qilgani”ni aks ettiruvchi video topilgan.

Davlat chegara qo‘mitasi vakilining ta’kidlashicha, Belarus bilan chegara yaqinida Ukraina dronlarining parvozlari muntazam amalga oshirilmoqda.

Jitomir chegara otryadining javobgarlik zonasidagi “hududni razvedka qilish va faol razvedka ishlarini, shu jumladan Belarus Respublikasining davlat chegarasiga kirishni” olib borgan “RDK” bo‘linmalari aniqlangan.

So‘z HIMARS baravariga otuvchi reaktiv tizimi, M777 gaubitsalari, “Gepard” zenit o‘ziyurar qurilmalari va boshqa zirhli texnika kabi og‘ir qurollarga ega bo‘linmalar haqida bormoqda.

“RDK” hozircha Belarus chegarachilarining bayonotlariga  izoh bermadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.