Qozog‘iston TIV Lukashenkoning gaplaridan keyin Belarus elchisini chaqirtirdi
Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari — mamlakat tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu Belarusni “Ostonaning yuz berayotgan jarayonlarga nisbatan pozitsiyasini xolisona baholash”ga chaqirdi. Bu haqda u Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning hapidan keyin TIVga taklif qilingan elchi Pavel Utyupin bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deb yozadi “Kommersant”.
Qozog‘iston TIV Telegram’ga joylangan xabarida Belarus elchisi nima sababdan chaqirilganiga aniqlik kiritmagan. Ta’kidlanishicha, tomonlar ikki tomonlama darajada va ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning “dolzarb masalalari”ni muhokama qilgan.
“Xususan, vazir Qozog‘iston BMT Ustaviga va xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq muvozanatlashtirilgan va tinch tashqi siyosat olib borishini qayd etdi. Mamlakatimiz davlatlar o‘rtasidagi barcha kelishmovchiliklar siyosiy-diplomatik vositalar orqali hal qilinishi kerakligiga ishonchi komil”, — deyiladi TIV xabarida.
Avvalroq Aleksandr Lukashenko ba’zi postsovet davlatlari Rossiyadan “nimadir olishni xohlashi, ammo evaziga hech narsa berishni istamasligi”ni aytgandi. U 2022-yil boshidagi voqealarni yodga olgan, o‘shanda Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar kuchlari yuborilgan edi. Lukashenko “ta’na qilmayotgani”ni va “qarzni qaytarish”ni talab qilmayotganini aytdi. Uning fikricha, ushbu postsovet mamlakatlariga yordam kerak bo‘lganida, hech kim bunga javob ko‘rsatmaydi.
Sharhlar