Belarus Shanxay hamkorlik tashkilotiga qabul qilindi
Ostonadagi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti Belarusni birlashma tarkibiga qabul qilish to‘g‘risidagi hujjatlarni imzolash marosimi bilan boshlandi. Tashkilotga a’zo mamlakatlar rahbarlari zarur hujjatlarni imzoladi, deb yozadi “Kommersant”.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev aytishicha, Belarus qisqa vaqt ichida tashkilotda to‘la huquqli ishtirok etish uchun barcha protseduralarni amalga oshirgan. Shu bilan mamlakat tashkilotning to‘la huquqqa ega bo‘lgan o‘ninchi a’zosiga aylandi. Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston ham xuddi shunday maqomga egadir.
“Belarus Shanxay hamkorlik tashkilotiga to‘la huquqli a’zolik yo‘lidagi zarur jarayonlarni bajardi”, — dedi To‘qayev.
ShHT 2001-yilda Shanxayda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadlari ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchi mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy sohalarni rivojlantirishdan iborat. Belarus ShHTga a’zo bo‘lish uchun 2022-yilda ariza bergan.
Sharhlar