“Bert” dovuli Buyuk Britaniyada kuchli suv toshqinlarini keltirib chiqardi
“Bert” dovuli Buyuk Britaniya bo‘ylab kuchli suv toshqinlarini keltirib chiqardi. Yuzlab uylar suvda qolgan, temir yo‘l harakati qisman to‘xtatilgan.
Eng katta zararni Uelsning janubiy hududlari ko‘rgan, rasmiylar so‘nggi ikki kun ichida suv toshqini haqida 40 dan ortiq marta ogohlantirgan. Ayrim aholi punktlarida o‘pirilish xavfi tufayli aholi vaqtincha uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Odamlar tabiiy ofatga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan hokimiyatning harakatlaridan noroziligini bildirmoqda.
“(Ular) Garri Potter haqidagi filmdan olingan to‘siqni emas, balki suv toshqinidan himoyani o‘rnatishi kerak edi. O‘z ishlarini qilishsin. Buning uchun biz ularga pul to‘laymiz”, – deydi fuqarolardan biri.
Buyuk Britaniya Meteorologiya xizmati Buyuk Britaniyaning ayrim qismlarida yana kuchli yomg‘ir va kuchli shamol bo‘lishini prognoz qilmoqda.
Olimlarning qayd etishicha, iqlim o‘zgarishi sababli sayyorada dovullar kuchayib, ular xavfliroq bo‘lib bormoqda. Havo harorati ko‘tarilgach, suv ko‘proq bug‘lanadi, yog‘ingarchilik va suv toshqini ko‘payadi. Tropik dovullarning tez-tez yuz berishi va ularning ko‘lamiga okeanlarning isishi ham ta’sir qiladi.
Sharhlar