Ukraina harbiy samolyoti birinchi marta Rossiya hududidagi nishonga zarba berdi — Sky News
Ukraina qurolli kuchlari samolyoti birinchi marta Rossiya hududidagi nishonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berdi. Bu haqda Britaniyaning Sky News telekanali Ukraina armiyasidagi anonim manbasiga tayanib xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 9-iyun, yakshanba kuni Rossiyaning Belgorod viloyatida qo‘mondonlik punkti o‘qqa tutilgan. Hujumda qanday turdagi o‘q-dorilar ishlatilgani, shu jumladan, bu G‘arb quroli bo‘lgan-bo‘lmagani hozircha noma’lum.
“Yetkazilgan zarar hali ham hisob-kitob qilinayotgan bo‘lsa-da, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba ekanligi tasdiqlangan. Bu Ukraina qurolli kuchlarining havo orqali Rossiya hududidagi nishonga qarata otgan birinchi o‘q-dorisi”, — deya qo‘shimcha qildi manba.
Ukraina Rossiya hududi ichkarisida dronlar bilan ko‘p marta zarbalar bergan bo‘lsa-da, Rossiya ichkarisidagi nishonlarga hujum qilish uchun harbiy samolyotdan foydalanilishi Moskva tomonidan yangi eskalatsiya sifatida qabul qilinishi mumkin, deya qayd etadi Sky News.
Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi Belgorod viloyatida uchta uchuvchisiz qurilma urib tushirilgani haqida hisobot bergan, mahalliy OAVlar esa UQK Rakityanskiy tumanida o‘q-dori omboriga zarba berganini xabar qilgan edi..
Sharhlar