Ukraina va AQSH 10 yil muddatga xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida bitim imzoladi
AQSH prezidenti Jo Bayden va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 13-iyun kuni Ukrainaning Rossiya hujumiga qarshi himoyasini kuchaytirishga qaratilgan xavfsizlik to‘g‘risidagi 10 yillik ikki tomonlama bitimni imzoladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Italiyadagi G7 sammiti doirasida imzolangan kelishuv Ukrainaning NATOga ehtimoliy a’zoligi yo‘lidagi ilk qadamga aylanishi ko‘zda tutilgan, bu haqda bitim matnida aytib o‘tilgan.
“Tomonlar shuni tan oladiki, bu bitim Ukrainaning NATO alyansiga ehtimoliy a’zoligiga ko‘prik vazifasini o‘taydi”, — deyiladi matnda.
Kelishuvda qayd etilishicha, Ukrainaga nisbatan qurolli hujum yoki shunday tahdid bo‘lgan taqdirda, AQSH va Ukraina oliy mansabdor shaxslari 24 soat ichida uchrashib, javob ko‘rsatish choralarini muhokama qiladi va Ukrainada mudofaa sohasida qanday qo‘shimcha ehtiyojlar borligini aniqlaydi.
“Ukraina xavfsizligini ta’minlash uchun ikkala tomon ham tan oladiki, Ukrainaga NATO standartlariga mos keluvchi kuchli harbiy kuchlar, ishonchli imkoniyatlar va uning mudofaa-sanoat bazasiga barqaror investitsiyalar kerak”, — deyiladi matnda.
Sharhlar