Finlyandiya prezidenti Ukrainadagi urushni bitta qo‘ng‘iroq bilan tugatish usulini aytdi
Xitoy, agar istasa, Rossiya-Ukraina nizosiga nuqta qo‘yishi mumkin, deya ma’lum qildi Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb Bloomberg nashriga bergan intervyusida.
“Rossiya hozir Xitoyga juda bog‘liq bo‘lib qolgan. Rais Si Szinpindan bitta telefon qo‘ng‘irog‘i bu inqirozni hal qilgan bo‘lardi”, — dedi siyosatchi.
Uning fikricha, agar Si Szinpin tinchlik muzokaralari uchun vaqt kelganini aytganida, “Rossiya buni amalga oshirishga majbur bo‘lardi”.
Rossiya hukumati muzokaralarni boshlash uchun Ukrainaga nisbatan bir qator shartlarni ilgari surmoqda, bular — Ukraina qo‘shinlarining Donbass, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan olib ketilishi, Kiyevning ushbu hududlardan rasman voz kechishi, Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalarning bekor qilinishi, betaraf va yadrosiz maqomning mustahkamlanishi, shuningdek, Ukrainaning qurolsizlantirilishi va “denatsifikatsiya” qilinishi. Moskva Kiyev muloqotdan bosh tortayotganini da’vo qilmoqda.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ilgari surilgan takliflarni ultimatum deb hisobladi, ammo agar Rossiya o‘z qo‘shinlarini olib ketsa, tezkorlik bilan muzokaralarga kirishishga va’da berdi.
Sharhlar