Bloomberg: Hindiston sanksiyalarga qaramay Rossiyaga eksport hajmini oshirdi
Hindiston G‘arb sanksiyalariga qaramay, Rossiyaga muhim texnologiyalar eksportini keskin oshirib, Xitoydan keyingi ikkinchi yirik yetkazib beruvchiga aylandi. Bu haqida Bloomberg AQSh va Yevropadagi noma’lum manbalarga tayanib xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, aprel va may oylarida Hindistondan Rossiyaga mikrochiplar va dastgohlar kabi sanksiyalangan tovarlar eksporti 60 million dollardan oshgan, bu oʻtgan oylardagi darajadan qariyb ikki baravar koʻpdir. Iyul oyida bu ko’rsatkich 95 million dollarga ko’tarilgan. Rasmiylarga ko’ra, sanktsiyalangan texnologiyalarning deyarli 20 foizi Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga Hindiston orqali kiradi.
Bu holat Ukraina ittifoqchilari orasida xavotir uyg’otmoqda, ular Hindiston vakillari bilan bu masalani muhokama qilishga urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ta’kidlamoqda. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga eksport hajmining o’sishi haqidagi ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi.
Hindiston eksportining o’sishi Qo’shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlar olib borish imkoniyatlarini cheklashda duch kelayotgan qiyinchiliklarni ko’rsatadi. Ikki tomonlama maqsadli tovarlarning ko’p qismini Rossiyaga to’g’ridan-to’g’ri eksport qilishni taqiqlash uni uchinchi davlatlar, shu jumladan G’arb firmalarining sho’ba korxonalari va vositachilar tarmoqlari orqali etkazib berishning muqobil yo’llarini izlashga majbur qiladi.
Sharhlar