“Tolibon” BMT ma’ruzachisining Afg‘onistonga kirishini taqiqladi
“Tolibon” harakatining rasmiy vakili Zabihulla Mujohid BMTning Afg‘onistondagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Richard Bennettni targ‘ibot tarqatishda va mamlakatdagi vaziyat haqidagi ma’lumotlarni buzib ko‘rsatishda aybladi, deb yozadi “Kommersant”. U endidan boshlab Bennettga Afg‘oniston hududiga kirish taqiqlanishini aytdi.
“Janob Bennettning Afg‘onistonga safarlari taqiqlanadi, chunki unga Afg‘onistonda targ‘ibot tarqatish topshirilgan edi. U biz ishonadigan odam emas. Endi unga bu yerga kelishga ruxsat etilmaydi. U ahamiyatsiz muammolarni bo‘rttirib ko‘rsatgan va ularni xalqaro hamjamiyat orasida tarqatgan”, — dedi Zabihulla Mujohid.
“Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni 2021-yil avgustida egallab olgan edi. O‘sha paytdagi prezident Ashraf G‘ani mamlakatni tark etgan.
Richart Bennett 2022-yil aprelidan buyon BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi bo‘lib kelmoqda. O‘z ma’ruzalarida u mamlakatda inson huquqlari buzilishi, shu jumladan, afg‘on ayollari huquqlari cheklanishi holatlarini ko‘p bora ta’kidlab kelgan.
Sharhlar