Armaniston KXShTning Qirg‘izistondagi mashg‘ulotlarida qatnashishdan bosh tortdi
Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ga a’zo mamlakatlarni “Hamkorlik-2024” jamoa-shtab mashg‘ulotlarida qatnashishdan bosh tortishi haqida xabardor qildi, deb yozadi “Kommersant”.
O‘quv mashg‘ulotlari 3—15-sentabr kunlari Qirg‘iziston hududida bo‘lib o‘tadi. Ular Markaziy Osiyo mintaqasida qurolli nizoni hal etish bo‘yicha qo‘shma operatsiyalarni tayyorlashga qaratiladi. KXShT mamlakatlari uchuvchisiz uchar qurilmalar hujum qilgan taqdirda havo hujumiga qarshi himoyani tashkillashtirishni mashq qiladi.
Fevral oyida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatning KXShTdagi ishtiroki muzlatib qo‘yilishini e’lon qilgan edi. U, agar KXShT mamlakatlari o‘z majburiyatlarini bajarmasa va o‘zlarining mas‘uliyat hududlarini tan olmasa, Armaniston birlashmadan chiqishi mumkinligini aytgandi.
Tashkilotga Armaniston va Qirg‘izistondan tashqari, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Tojikiston ham kiradi.
Sharhlar