Bosh vazir Jorji Melonining bo‘yi haqidagi hazili uchun italiyalik jurnalist ayol 5 ming yevroga jarimaga tortildi
Italiya sudi jurnalist Julia Kortezeni ijtimoiy tarmoqlarda bosh vazir Jiorji Melonining bo‘yi haqidagi haqoratli hazillari uchun 5 ming yevro to‘lashga majbur qildi.
Sud Kortezening ikkita postini haqoratomuz deb topdi va ularni bodisheyming sifatida tavsifladi. Korteze o‘z postlarida Melonini “kichkina ayol” deb atagan va siyosatchining bo‘yi pastligini ta’kidlagan.
Korteze va Meloni o‘rtasida kechgan ijtimoiy tarmoqlardagi mojaro 2021-yilda, o‘ng qanot ” Italiya Birodarlari” partiyasi rahbari Meloni muxolifatda bo‘lganida boshlangan. Jurnalist Italiya diktatori Benito Mussolini portreti yonida turgan Melonining tahrir qilingan suratini chop etdi.
Meloni soxta surat e’lon qilingani uchun sudga murojaat qilishga va’da bergan. Korteze rasmni tahrir qilganini tan olib, uni o‘chirib tashlagan, biroq siyosatchini uni qo‘rqitishga uringanligida ayblagan. U o‘z postlaridan birida shunday deb yozgan:
“Siz meni qo‘rqitolmaysiz, Jiorji Meloni. Bundan tashqari, sizning bo‘yingiz bor-yo‘g‘i 1,2 m, men sizni hatto ko‘ra olmayman ham”.
Italiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Melonining haqiqiy bo‘yi 163 sm. Bosh vazir Kortezedan olingan pulni xayriya ishlariga berishini aytgan.
Korteze sud qarorini izohlar ekan, Italiya hukumatida so‘z erkinligi bilan bog‘liq muammolar borligini ta’kidlagan. Biroq uning o‘zi ham, uning advokati ham sud qarori ustidan shikoyat qilish niyatida ekanliklarini hali ma’lum qilgani yo‘q.
Sharhlar