AQSHda birinchi marta atom reaktorlari uchun boyitilgan uran ishlab chiqarildi

Foto: “Gazeta.ru”

AQSH atom reaktorlari uchun ilk 90 kg boyitilgan uranni ishlab chiqardi. Bu haqda prezident Jo Bayden ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Uning fikricha, Vashington o‘zi ishonch bildira olmaydigan Rossiya kabi mamlakatlardan uran importiga “juda uzoq vaqt” suyanib kelgan.

“Bugun shuni e’lon qila olamanki, Ogayo janubidagi zavod Amerikada ishlab chiqarilgan birinchi boyitilgan uranning ilk 200 funti (90 kg)ni ishlab chiqardi. Yil oxirigacha qariyb bir tonna ishlab chiqarish ustida ishlamoqda, bu ushbu mamlakatdagi 100 mingta uyni ta’minlash uchun yetarli bo‘ladi”, — dedi Bayden.

U o‘z ma’muriyati uran importiga bog‘liqlikni kamaytirish ustida ishlayotganini ma’lum qildi. AQSHda “zamonaviy yadro yonilg‘isini ishlab chiqarishga” 3,4 milliard dollar investitsiya qilinadi.

2023-yilda, AQSH Savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya AQSHga 1,2 milliard dollardan ortiq qiymatga ega uran sotgan, bu 2009-yildan buyon rekord ko‘rsatkich bo‘lgan edi. Financial Times qayd etishicha, Rossiyadan uran importi 2024-yildayoq taqiqlanishi mumkin.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.