Ozarbayjon BRIKSga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi
Ozarbayjon uni BRIKS tashkiloti tarkibiga qabul qilishni so‘radi, deb yozadi DW.
“Ozarbayjon allaqachon rasmiy ariza topshirgan”, — deya ma’lum qildi respublika TIV matbuot kotibi Ayxan Gajizade 20-avgust kuni. Bokuning BRIKSga qo‘shilishdan manfaatdorligi haqida Rossiya va Ozarbayjon prezidentlari Vladimir Putin va Ilhom Aliyevning 19-avgustdagi muzokaralar yakunalriga ko‘ra qabul qilingan qo‘shma bayonotida aytilgan edi.
Boku BRIKSga qo‘shilmoqchi ekani haqida 18-avgust kuni respublikaning Rossiyadagi elchisi Polad Bulbulo‘g‘li ham ma’lum qilgandi. Mamlakat a’zolik uchun ariza bergan-bermagani haqidagi savolga javoban u BRIKSga qo‘shilmoqchi bo‘lganlardan iborat “katta navbat” hosil bo‘lganini aytgandi.
BRIKS — hukumatlararo tashkilot bo‘lib, ayni paytda unga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, JAR, Misr, Efiopiya, Eron va BAA kiradi. Yana bir qator mamlakatlar tashkilotga qo‘shilish istagini bildirgan. BRIKS Rossiya tashabbusi bilan tuzilgan. Vazirlarning tashkilot formatidagi ilk uchrashuvi 2006-yil 20-sentabrda BMT Bosh assambleyasining Nyu-Yorkdagi sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan.
BRIKSga a’zo bo‘lish yuridik ta’sirlarga ega emas. Ta’kidlanishicha, shu paytgacha unga a’zo mamlakatlar hatto erkin savdo haqida bitim imzolay olmagan.
Sharhlar