“BRIKS” sammitiga taklif etilgan xorijiy mehmonlarning uchdan bir qismi unga borishdan bosh tortdi

Фото: Риа Новости

Qozondagi “BRIKS” sammitida ishtirok etishga rozi bo‘lgan mamlakatlarning deyarli uchdan bir qismi davlat rahbarlari darajasida vakillikka ega emas, bu haqda Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 32 davlat vakillari tadbirda ishtirok etishini tasdiqlagan, biroq ulardan sakkiztasi birinchi shaxslar emas, balki “ikkinchi yoki uchinchi” shaxslardir.

Xususan, “BRIKS”ga a’zo bo‘lgan Saudiya Arabistoni rahbari kelmaydi, uning o‘rniga sammitda qirollik tashqi ishlar vaziri ishtirok etadi. Shu bilan birga, Xitoy rahbari Si Szinpin, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Braziliya prezidenti Lula Inasio da Silva o‘zlarining ishtirokini tasdiqlagan. Tadbirda, shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, ShHT Bosh kotibi Chjan Min, MDH, YeOII, Ittifoq davlati bosh kotiblari, shuningdek, Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef ishtirok etadi.

“BRIKS” sammiti ikki qismdan iborat bo‘ladi. Birinchi qism tashkilotga a’zo mamlakatlarning yig‘ilishi bo‘lib, unda Rossiyaning 2024-yil uchun “BRIKS”ga raisligi shiori bo‘lgan “Adolatli global rivojlanish va xavfsizlik uchun ko‘p tomonlamalikni mustahkamlash” mavzusi muhokama qilinadi. Ushbu bosqichning asosiy voqealari 22-oktyabr kuni va 23-oktyabrning birinchi yarmida bo‘lib o‘tadi.

Ikkinchi qism “BRIKS plyus/autrich” formatidagi uchrashuv bo‘lib, unda asosiy mavzu “BRIKS va Global Janub – birgalikda yaxshiroq dunyoni yaratish” bo‘ladi. Ushbu bosqich tadbirlari 23-oktyabr kuni tushdan keyin o‘tkazilib, 24-oktyabrda davom etadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.