Britaniya bosh vaziri Eron prezidentini Isroilga zarba berishdan tiyilishga chaqirdi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali suhbatlashdi, deb yozadi “Kommersant”.
Britaniya bosh vaziri kanselyariyasi ma’lum qilishicha, ular Yaqin Sharqda davom etayotgan nizoni muhokama qilgan. Starmer Eron prezidentini Isroilga hujumdan tiyilishga chaqirgan va vaziyat keskinlashuvi tomonlardan hech biri uchun manfaatli emasligini ta’kidlagan.
Starmer o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish, barcha asirlarni ozod etish va G‘azo sektoriga gumanitar yordam hajmini oshirish tarafdori ekanini qayd etib, ushbu natijalarga erishish uchun bor e’tiborni muzokaralarga qaratish lozimligini qo‘shimcha qilgan.
Bundan tashqari, Britaniya bosh vaziri Pezeshkiyon bilan muloqot chog‘ida Eronda qo‘lga olingan chet el fuqarolari mavzusini ham ko‘targan va ularga tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini taqdim etish zarurligini ta’kidlagan.
Starmer agar Eron “beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlar”dan voz kechmasa, London va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanmasligini bildirdi.
Tehronda Falastinning HAMAS harakati siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya o‘ldirilganidan keyin Eron Isroilga nisbatan keng ko‘lamli zarba berishni va’da qilgan edi. Hujum yaqin kunlarda amalga oshishi mumkin. Isroil o‘z qo‘shinlarini yuqori jangovar shaylik holatiga keltirib qo‘ygan.
Sharhlar