Britaniya Ukrainaga mamlakat tarixidagi eng yirik yordam paketini va’da qildi

Фото: zn.ua

Buyuk Britaniya Ukrainaga 500 million funt sterling (620 million dollar)lik qurol-yarog‘larni yuboradi, bu mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy yordam paketi bo‘ladi. Bu haqda bosh vazir Rishi Sunak ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

Paketga 400 ta transport vositasi, 60 ta kater, o‘qotar qurol uchun 4 milliontaga yaqin patron, shuningdek, 1,6 mingdan ortiq zarbdor va havo hujumiga qarshi mudofaa raketalari kiradi. Bundan tashqari, Ukrainaga Storm Shadow “havo — yer” sinfidagi raketalar ham beriladi, ularning parvoz masofasi qariyb 250 kilometrga yetadi.

Sunak Ukrainaga berilayotgan ko‘makni “butun Yevropa xavfsizligi uchun o‘ta muhim” deb atadi. Britaniya bosh vaziri fikricha, agar Rossiya qurolli nizoda g‘olib chiqsa, mamlakat hukumati “Polsha chegarasida to‘xtamaydi”.

Bloomberg yozishicha, Buyuk Britaniya 2024-moliya yilida Ukrainaga taqdim etadigan harbiy yordamning umumiy hajmi 3 milliard funt sterling (3,7 milliard dollar)ni tashkil qiladi. 2022-yil fevralidan buyon London Kiyevga qariyb 12 milliard funt sterling (14,8 milliard dollar) ajratisga va’da bergan, shularning 7 milliardi harbiy ko‘mak, qolgan qismi esa gumanitar va iqtisodiy ko‘makdan iborat.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.