KXDR askarlari qisqa muddatga Janubiy Koreya bilan chegarani kesib o‘tdi
Shimoliy Koreya harbiylari Janubiy Koreya bilan chegaradagi qurolsizlantirilgan hududda qisqa muddatga demarkatsiya chizig‘ini bosib o‘tdi, deb xabar bermoqda DW.
Koreya Respublikasi Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi ma’lum qilishicha, janubiy koreyalik chegarachilar bir necha marta ogohlantiruvchi o‘q uzgach, askarlar KXDR hududiga qaytib ketgan.
Hodisa mahalliy vaqt bilan 20-iyun kuni 11:00 atrofida yuz bergan. U tasodifiy xususiyatga ega bo‘lgan, deb taxmin qilinmoqda. Iyun boshidan buyon shimoliy koreyalik harbiylar ikki davlat o‘rtasidagi chegarani bosib o‘tishi bilan bog‘liq holat to‘rtinchi marta kuzatilmoqda. Shunday hodisalar 9 va 18-iyun kunlari ham yuz bergan. Koreya Respublikasi Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasidagilar fikricha, ularning barchasi tasodifiy bo‘lgan.
“Ryonxap” yozishicha, chegarani buzib o‘tish holatlari KXDR chegaraga uni mustahkamlash uchun katta sonli qo‘shinlarini joylashtirgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayni paytda ular minalar o‘rnatmoqda, tankka qarshi to‘siq sifatida devor qurmoqda, shuningdek, yo‘llarni mustahkamlamoqda.
Sharhlar