CNN: AQSh Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning samolyotini qo’lga oldi
Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning samolyoti Dominikan Respublikasida qo‘lga olinib, AQShga yetkazildi. Hibsga olinishiga narxi 13 million dollarga baholangan samolyot sotib olish bilan bog‘liq Amerika sanksiyalarining buzilishi sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda CNN o‘z manbalariga tayanib.
Keyingi qadam samolyotni musodara qilishni talab qilish bo’lishi mumkin. Venesuela hukumati ushbu qarorga qarshi norozilik bildirish huquqiga ega.
“Davlat rahbari samolyotining jinoiy ish doirasida hibsga olinishi misli ko‘rilmagan voqea. Biz aniq xabar yubormoqdamiz: hech kim qonundan ustun emas, hech kim AQSh sanksiyalaridan qochib qutula olmaydi”, — deya CNN AQSh hukumati rasmiysining so‘zlaridan iqtibos keltirgan. Nashrning yozishicha, operatsiyada AQShning bir qancha departamentlari, jumladan Adliya vazirligi, Sanoat va xavfsizlik byurosi ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh va boshqa davlatlar ham Venesuelaga tegishli bo‘lgan aktivlar, jumladan, avtomobillar, bank hisoblari va oltinlarni musodara qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida Venesuelada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgan va unda mamlakat rasmiylari Nikolas Maduro g‘alaba qozonganini e’lon qilgan edi. Muxolifat esa ularning nomzodi Edmundo Gonsales g’alaba qozonganini da’vo qilmoqda.
Sharhlar