Ilon Mask Ramzan Qodirovga Cybertruck elektromobilini hadya qilmaganini aytdi

Foto: Picture Alliance

Amerikalik biznesmen Ilon Mask Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga Cybertruck elektromobilini sovg‘a qilmaganini aytdi, deb yozadi DW.

“Sen meni Rossiya generaliga Cybertruck hadya qiladi deb o‘ylaydigan darajada qoloqmisan? Ajoyib. Sen — eskirgan matbuot qanday aldashini ko‘rsatib beruvchi yana bir yorqin misolsan”, — deb yozdi Mask X ijtimoiy tarmog‘ida The New York Times gazetasi jurnalisti Set Abramsonning postiga izoh sifatida.

Ushbu postida Abramson Mask “Amerikaning sanksiyalar ostidagi dushmanlariga harbiy maqsadlarda ishlatishga tayyor transport vositalarini yetkazib berishi” haqida yozgandi. X ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari Cybertruck jangovar mashina emasligini ta’kidlagan elektromobil ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasining qoidalariga zid ekaniga e’tibor qaratdi.

Qodirov 17-avgust kuni o‘z Telegram-kanalida video e’lon qilgan, unda tomiga pulemyot o‘rnatilgan Cybertruck’da Grozniy bo‘ylab yurganini ko‘rish mumkin edi. Qodirov elektromobilni “hurmatli Ilon Maskdan qabul qilgani”ni qayd etdi. Cybertruck “tez orada maxsus harbiy operatsiya zonasiga yuboriladi va jangchilarimizga ko‘p foyda keltiradi” deb yozdi Checheniston rahbari.

Videorolikda u Maskni Grozniyga taklif qilgan va uni “eng muhtaram mehmon sifatida” qabul qilishga va’da bergan edi. Bu taklifga biznesmen javob berganicha yo‘q.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.