Daniya Falastinni davlat sifatida tan olishdan bosh tortdi
Daniya parlamenti Falastinni davlat sifatida tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshi ovoz berdi, deb yozadi Reuters.
Qonun loyihasi fevral oyidayoq to‘rtta so‘l partiya tomonidan taklif etilgan edi. Uni muhokama qilish chog‘ida aprelda Daniya tashqi ishalr vaziri Lars Lokke Rasmussen Falastin davlatini tan olish uchun “dastlabki shartlar yo‘q”ligini aytgandi. Biroq ovoz berish kuni Rasmussen parlament bu rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlay olmasa-da, “biz buni amalga oshira oladigan kun kelishini xohlaymiz” deya qo‘shib qo‘ydi.
10-may kuni, BMT Bosh Assambleyasi Falastinning tashkilotga a’zoligi haqida rezolyutsiya qabul qilgach, Rasmussen bu qarorni qo‘llab-quvvatlagandi.
22-may kuni uchta Yevropa mamlakati — Ispaniya, Norvegiya va Irlandiya Falastinni davlat sifatida rasman tan olishini e’lon qildi. Bu qaror 28-may kuni kuchga kirdi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu buni “terrorizm uchun berilgan mukofot” deb atab, ushbu mamlakatlarda Isroil elchilarini chaqirib oldi.
Ayni paytda Falastin davlat sifatida rasman BMTga kiruvchi 193 ta mamlakatdan 143 tasi tomonidan tan olingan. Falastin davlatini tan olmaydiganlar orasida AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya bor.
Sharhlar