Daniyada rossiyalik ayol josuslikda gumon qilinib hibsga olindi
Daniya xavfsizlik xizmatlari Kopengagenda rossiyalik ayolni josuslikda gumon qilib hibsga oldi, deya xabar beradi AFP mahalliy xavfsizlik xizmatiga tayanib.
Ayol Daniyadagi “rus diasporasida markaziy shaxs” bo‘lgan, deb yozadi agentlik hibsga olingan ayolning ismini ko‘rsatmasdan, lekin uni Rossiya fuqarosi deb atagan. Daniyaning DR teleradiokompaniyasining aniqlik kiritishicha, ayol chet el razvedka xizmatlariga Daniyadagi ishlarida, jumladan, “ta’sir o‘tkazish faoliyatini amalga oshirishda” yordam berganlikda gumon qilinmoqda.
Bir qator Yevropa davlatlarining razvedka xizmatlari axborotiga tayangan DR ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olingan ayolga tegishli yuridik konsalting kompaniyasi 2017–2021 yillarda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va “Rossotrudnichestvo” tomonidan tashkil etilgan «Pravfond» – chet elda yashayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish jamg‘armasidan mablag‘ olgan.
DR veb-saytida e’lon qilingan rus tilidagi nomsiz hujjatning bir qismida ko‘rsatilishicha, kompaniya besh yil davomida 52 270 yevro olgan. Uning 2021-yildan keyin “Pravfond”dan mablag‘ olgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, deydi DR.
Yevropa razvedka agentliklari ma’lumotlariga tayanib, DR bunday konsalting kompaniyalari “aslida Rossiya targ‘ibot kampaniyasining bir qismi bo‘lib, uning maqsadi xorijda rusiyzabon fuqarolarga nisbatan kamsitilish haqida hikoyalar yaratish” ekanligini ta’kidlaydi.
Rossiyaning Daniyadagi elchixonasi rossiyalik ayolni qo‘yib yuborishni talab qilib, uning hibsga olinishini “maxsus xizmatlar provokatsiyasi”, tergovni esa “rus diasporasini parchalashga urinish” deb atadi, deb yozadi TASS.
Sharhlar