Eron Bosh shtabi Raisi vertolyotining halokati to‘g‘risida dastlabki hisobotni e’lon qildi
19-may kuni Eron prezidenti Ibrohim Raisiyni olib ketayotib halokatga uchragan vertolyot tog‘ bilan to‘qnashganidan keyingina yonib ketgan. Vertolyot korpusida o‘q izlari yoki boshqa ta’sirlar aniqlanmagan. Bu haqda 23-may kuni Eron qurolli kuchlari Bosh shtabi tomonidan e’lon qilingan dastlabki hisobotda aytiladi, deb yozadi “Kommersant”.
Hujjatda aytilishicha, qulab tushgan vertolyot uchuvchisi halokatdan bir yarim daqiqa avval u bilan birga Ozarbayjondan qaytayotgan boshqa ikkita vertolyot uchuvchilari bilan bog‘lana olgan. Prezident vertolyoti belgilangan yo‘nalishga rioya qilgan va undan og‘magan. Dispetcherlar va ekipaj o‘rtasidagi suhbatlarda shubhali narsa aniqlanmagan.
Qulagan vertolyot qidiruvi tuman, sovuq havo va murakkab relief tufayli tuni bo‘yiga cho‘zilib ketgan. Hisobotda ta’kidlanishicha, halokat joyi aynan Eron uchuvchisiz uchar qurilmasi tomonidan atopilgan. Avvalroq Turkiya hukumati vertolyot qulagan joyni Bayraktar Akinci droni aniqlaganini ma’lum qilgandi. Hisobotda aytilishicha, halokatning ba’zi faktlarini hali tekshirish kerak bo‘ladi, ammo hozir ma’lum qilinganlarini ishonch bilan aytish mumkin.
Sharhlar