ISW: Rossiya Mudofaa vazirligidagi o‘zgarishlar — davomli urushga tayyorgarlik belgisi
Rossiya Mudofaa vazirligidagi o‘zgartirishlar va Sergey Shoyguning Andrey Belousov bilan almashtirilishi shundan guvohlik beradiki, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada davomli urushga va kelajakda NATO bilan qarama-qarshilikka tayyorgarlik uchun choralar ko‘ryapti. Bu haqda Amerika Urushni tadqiq qilish instituti (ISW) ma’ruzasida aytiladi.
Belousovning mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanishi davomli nizo uchun barcha iqtisodiy sharoitlarni yaratishga urinish doirasidagi muhim voqea hisoblanadi, deb ta’kidlaydi ekspertlar. Belousovning harbiy tajribasi yo‘q, ammo buni anomal deb atab bo‘lmaydi, chunki Shoygu ham armiyada xizmat qilmagan.
Belousovning iqtisodiy rivojlanish vaziri lavozimida qariyb o‘n yil ishlagani va turli innovatsion loyihalarni, shu jumladan, dronlar ishlab chiqish loyihalarini boshqarishdagi ishtiroki uni Shoygu davrida korrupsiyada ayblangan va qattiq tanqid qilingan idora rahbarligiga tayyorladi, deyiladi xabarda.
Belousov samarali texnokrat obro‘siga ega, shuningdek, manbalarga ko‘ra, uning Putin bilan munosabatlari yaxshi.
Putin, katta ehtimol bilan, Belousovning tajribasidan harbiy va iqtisodiy siyosatni birlashtirishda foydalanmoqchi. Ushbu sa’y-harakatlar Kreml Ukrainada davomli urushga tayyorlanishda davom etayotganidan darak beradi, deya xulosa qiladi ISW ekspertlari.
Sharhlar