Venesuela saylov natijalarini tanqid qilgan mamlakatlardan o‘z diplomatlarini chaqirib oladi
Venesuela hukumati bo‘lib o‘tgan prezident saylovi natijalarini tanqid qilgan Argentina, Dominika respublikasi, Kosta-Rika, Panama, Peru, Urugvay va Chilidan barcha diplomatik xodimlarini chaqirib olishga qaror qildi, deb yozadi “Kommersant”.
Venesuela Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan bayonotda ta’kidlanishicha, ushbu yetti mamlakat vakillari Venesuela hududini zudlik bilan tark etishi kerak.
“Venesuela Vashingtonga bo‘ysunuvchi va prezident saylovi natijalarini pisand qilmoqchi bo‘lmagan o‘ng hukumatlar guruhining aralashuvchilik xususiyatiga ega bayonotlari va xatti-harakatlarini qat’iyan qabul qilmasligini bildiradi”, — deyiladi Venesuela tashqi ishlar vaziri Ivan Xil Pinto X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan xabarda.
Lotin Amerikasining bir qator mamlakatlarining prezident sayloviga munosabati, Venesuela hukumati fikricha, “mamlakat milliy suverenitetiga tahdid soluvchi razil pretsedent hisoblanadi”.
Venesuela prezidenti saylovi 28-iyul kuni bo‘lib o‘tdi. 29-iyul kuni kechqurun Milliy saylov kengashi Nikolas Maduroni rasman g‘olib deb e’lon qildi. Byulletenlarning 80 foizi hisoblab chiqilgach, Maduro 51,2 foiz, uning asosiy raqibi Edmundo Gonsales esa 44,2 foiz ovoz to‘plagan.
Shundan keyin Venesuela poytaxti Karakasda muxolifat tarafdorlari prezident saylovi natijalaridan norozi bo‘lib namoyishga chiqdi.
Argentina, Gvatemala, Dominika respublikasi, Kosta-Rika, Panama, Paragvay, Peru, Urugvay va Ekvador hukumatlari Venesueladagi prezident saylovi natijalari tufayli, Amerika davlatlari tashkiloti (ADT)ning shoshilinch uchrashuvini chaqirishga da’vat etdi.
Sharhlar