Donald Tramp Oq uyga qaytishi bilan AQSh yana Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqishi mumkin
AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Tramp boshchiligida iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan yana chiqishi mumkin, deydi “MGIMO” qoshidagi Energetika siyosati va diplomatiya xalqaro instituti direktorining o‘rinbosari Igbal Guliyev “TASS”ga. Xorijiy va Rossiya ommaviy axborot vositalarida 2025-yilda AQSh siyosati, jumladan, iqlim va energetika siyosati qanday o‘zgarishi faol muhokama qilinmoqda, chunki mamlakatning bo‘lajak prezidenti global iqlim o‘zgarishiga nisbatan izolyatsion va skeptik munosabati bilan taniqli.
“Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish global isishni “firibgarlik” deb atagan va sayyorani isitayotgan ifloslanishni kamaytirish bo‘yicha federal sa’y-harakatlarni orqaga qaytarishga va’da bergan Donald Trampning saylanishi bilan qattiq mag‘lubiyatga uchradi”, – deb yozadi The New York Times.
Ilgari siyosatchi iqlim o‘zgarishi va uning antropogen omilini “soxta va firibgarlik” deb atagan edi. U o‘zining so‘nggi prezidentlik davrida mamlakatni Parij iqlim kelishuvidan butunlay chiqarib tashladi, chunki bu, uning so‘zlariga ko‘ra, “boshqa mamlakatlar uchun foyda keltiradi va Qo‘shma Shtatlarni manfaatsiz ahvolga soladi”. 2021-yilda, Oval kabinetdagi birinchi kunida Jo Bayden mamlakatni Parij kelishuviga qayta kiritish to‘g‘risidagi buyruqni imzoladi. Ammo shuni ta’kidlash joizki, 2020-yilda Donald Tramp matbuot anjumanida global isishni yolg‘on deb hisoblamasligini aytdi. Biroq, u antropogen omil va unga munosabat haqida gapirmadi.
The New York Times jurnalistlari Carbon Brief tadqiqotiga tayanib, bashorat qilinayotgan Trampning siyosati neft va gazni burg‘ulash va yoqishni rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, atmosferaga to‘rt milliard tonna issiqxona gazlari chiqishiga olib kelishini ma’lum qilishgan.
Boshqalar qatorida, Bayden joriy etgan yangi STG eksport litsenziyalarini berishga moratoriyni bekor qilish imkoniyati muhokama qilinmoqda. Trampning saylovoldi va’dalari orasida STG eksportiga ruxsat berishni tezlashtirish ham bor. AQShning bo‘lajak prezidenti, shuningdek, “energetikani rivojlantirish uchun Amerikaning davlat yerlariga suyuq oltinning katta zaxiralarini chiqarish” rejalari borligini aytdi.
Xorijiy manbalardan olingan versiyalardan obzor qilgan “Ekologiya Rossii” nashrining yozishicha, Tramp bir necha bor elektromobillar savdosini rag‘batlantiruvchi bir qator federal choralarni to‘xtatishga va’da bergan. Shuningdek, AQSh atrof-muhitni muhofaza qilish agentligining avtomobillar va yengil yuk mashinalarining gaz chiqaruvchi quvurlaridan ifloslanishga nisbatan qo‘yiladigan talablarni qayta ko‘rib chiqish ehtimoli ham mavjud.
Siyosatchi o‘zining saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirishning asosiy manbai sifatida Amerika neft korporatsiyalari rahbarlarining mablag‘laridan foydalangan, deb yozadi “TASS” The Wall Street Journal nashriga tayanib. U ularga qazib olish sanoatini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishni va Baydenning iqlim bo‘yicha tashabbuslaridan voz kechishni va’da bergan.
Bundan tashqari, “Ekologiya Rossii” nashrining obzori siyosatchining kutilayotgan iqlim haqidagi narrativi bo‘yicha Tramp ma’muriyati va olimlar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatni bashorat qilmoqda.
2024-yilning 5-noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi, uning natijalariga ko‘ra respublikachi Donald Tramp 277 ta saylov ovozini qo‘lga kiritib, Demokratik partiyadagi raqibi Kamala Xarrisni ortda qoldirdi.
Sharhlar