Dronlar shikast yetkazgan Rossiya neft bazasida 40 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi jarohatlandi, ulardan besh nafari reanimatsiyada

Фото: news161ru

Rostov yaqinidagi yoqilg‘i omborida ro‘y bergan yong‘inning ikkinchi kunida Ukraina dronlari tomonidan sodir etilgaan yong‘inni o‘chirishda jarohatlangan o‘t o‘chiruvchilar soni keskin ko‘paydi – mahalliy gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, ularning soni 40 dan oshgan, besh nafari esa – reanimatsiyada.

Rossiya telegram kanallari yong‘in yangi rezervuarlarga yetib borgani va bazada portlash sodir bo‘lganini qayd etmoqda.

“Ayni damda Proletar rayoni markaziy rayon kasalxonasiga 41 nafar o‘t o‘chiruvchi murojaat qilgan. Ulardan 18 nafari kasalxonaga yotqizilgan, shu jumladan, besh nafari hozirda reanimatsiyada”, — deb yozadi Rostov oblasti gubernatori Vasiliy Golubev o‘zining telegramdagi kanalida.

To‘rt soat avval Golubevning yozishicha, 18 nafar o‘t o‘chiruvchi shifoxonaga borgan va ulardan to‘rt nafari kasalxonaga yotqizilgan.

Rossiya telegram-kanallari Proletar rayonidagi bazada portlash sodir bo‘lganini aytib, bazadan bir qancha masofada suratga olingan ulkan yong‘in va tutun ustuni hamda qichqirayotgan qutqaruvchilarning videosini e’lon qilmoqda.

“Baza” telegram kanali yoqilg‘i omboridagi 11 ta yoqilg‘i baki allaqachon yonib ketganini ta’kidlaydi.

Ukraina dronlari yakshanba kuni ertalab Proletar rayonidagi bazaga ikki marta zarba bergan. Gubernator Golubevning da’vo qilishicha, dronlar urib tushirilgan va qoldiqlar neft bazasiga tushgan.

 

 

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.