Durov Fransiyada qo‘lga olinishi yuzasidan birinchi marta izoh berdi
Telegram asoschisi Pavel Durov avgust oxirida Fransiya hukumati unga uyushgan jinoyatchilik bilan bog‘liq bir nechta moddalar bo‘yicha ayblovlar e’lon qilganidan buyon birinchi marta bayonot bilan chiqdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiya uni Parijga yetib kelganidan keyin to‘rt kun mobaynida so‘roq qilgan. Xususan, unga messenjerning boshqa odamlar tomonidan noqonuniy foydalanilgani uchun shaxsan javobgar bo‘lishi mumkinligini, chunki Fransiya hukumati Telegram’dan javob olmaganini aytishgan.
Durov bu ayblovlarni hayratlanarli deb atadi. “Agar mamlakat internet-servisdan norozi bo‘lsa, odatda servisning o‘ziga qarshi sud da’vosi ochiladi. Bosh direktorni u boshqarayotgan platformada uchinchi shaxslar tomonidan amalga oshirilgan jinoyatlarda ayblash uchun smartfonlargacha bo‘lgan davr qonunlarining qo‘llanilishi xato yondashuv hisoblanadi”, — deb yozdi Durov.
Uning qayd etishicha, maxfiylik va xavfsizlik o‘rtasida muvozanat o‘rnatish — oson ish emas. “Ba’zan biz mamlakatning tartibga soluvchi organi bilan maxfiylik va xavfsizlikning to‘g‘ri muvozanati haqida kelisha olmaymiz. Bunday hollarda biz bu mamlakatni tark etishga tayyor bo‘lamiz. Biz buni ko‘p marta qilganmiz”, — deya Durov Rossiya va Eronda bo‘lgan holatlarni keltirib o‘tdi. “Rossiya bizdan kuzatuvni ta’minlash uchun “shifrlash kalitlari”ni talab qilganida, biz bosh tortdik — va Telegram Rossiyada taqiqlandi. Eron bizdan tinch namoyishchilarning kanallarini bloklashni talab qilganida, biz bosh tortdik — va Telegram Eronda taqiqlandi”, — dedi u.
Durov uning niyati ezgulik ulashish va insonlarning bosh huquqlarini himoya qilish ekanini ta’kidladi. “Ayniqsa, bu huquqlar buzilayotgan joylarda”, — deya qo‘shib qo‘ydi u.
Sharhlar