“Ekonomicheskaya pravda” nashri: IKEA konserni Ukrainaga qaytmoqda
Shvetsiyaning mashhur riteyleri mebel va uy-ro‘zg‘or buyumlarini ishlab chiqaruvchi IKEA kompaniyasi Ukrainaga qaytmoqda. Bu haqda 27-iyun, payshanba kuni Ukrainaning “Ekonomicheskaya pravda” gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
“Texnik tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ishning boshlanish sanasi (Ukrainadagi IKEA – Tah.) hozircha noma’lum”, — degan suhbatdoshlardan biri.
Joriy yil aprel oyida nashr IKEA o‘sha paytda Ukraina bozoriga qaytish mavzusini muhokama qilishga tayyor emasligi va mavjud vaziyatning potentsial operatsion faoliyatga ta’sirini o‘rganayotgani haqida yozgan edi.
IKEA urush boshlanganidan beri Ukrainada faoliyat ko‘rsatmayapti
IKEA Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin birinchi kuni o‘zining Ukrainadagi barcha oltita zavodida sotish va ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Riteyler kelib chiqishi Ukrainaniki bo‘lgan yog‘ochdan foydalanishdan ham bosh tortdi. Ukraina matbuotiga ko‘ra, bu qaror kompaniya tomonidan 24-fevraldan keyin “yog‘ochning qonuniyligini tekshirish imkoni yo‘qligi” bilan izohlangan.
“Forbs” jurnalining 2022-yil sentyabridagi Ukraina versiyasiga ko‘ra, riteyler Ukrainadagi faoliyatini “imkon qadar tezroq” tiklashga intilmoqda va o‘z mahsulotlarini yetkazib beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
IKEA 15 yildan beri Ukraina bozoriga kirishga harakat qildi, ammo faqat 2020-yilda u onlayn savdoni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi va 202-yilda Kiyevda o‘zining birinchi jismoniy do‘konini ochdi.
IKEA Rossiyani ikki yil oldin butunlay tark etdi
2022-yil iyun oyida IKEA Rossiya bozorini tark etish qarorini yetkazib berish zanjiridagi murakkab vaziyat bilan tushuntirdi.
“Afsuski, vaziyat yaxshilanmadi va halokatli urush davom etmoqda. So‘nggi bir necha oy ichida butun dunyo bo‘ylab biznes va ta’minot zanjirining holati sezilarli darajada yomonlashdi. Shularni hisobga olib, biz o‘z faoliyatimizni qayta tiklash imkoniyatini ko‘rmayapmiz”, — degandi o‘shanda Rossiyadagi barcha IKEA do‘konlariga egalik qiluvchi Ingka Group.
Rossiyadagi IKEA xodimlaridan avgust oyi oxirigacha maoshlarini saqlab qolgan holda tomonlar kelishuviga ko‘ra ishdan bo‘shashlari so‘ralgan va Shvetsiya kompaniyasining zavodlari boshqa egasiga sotilishi xabar qilingan edi. Rossiya ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, IKEA rahbariyati Rossiya bozorini tark etish qarorini kompaniyaning butun tarixidagi eng qiyin qarorlardan biri deb atadi, ammo “Rossiyaga qaytishga umid qilmoqda, ammo bu qachon amalga oshishi aniq emas”.
IKEA Rossiyada birinchi do‘konini 2000 yilda ochgan. 2022-yilda Rossiyada IKEA brendi ostida 17 ta do‘kon va sakkizta studiya ishlagan, kompaniya xodimlari deyarli 15 ming kishini tashkil etgan. O‘sha yilning mart oyi boshida IKEA Ukrainadagi urush sharoitida Rossiya va Belorussiyada ishni to‘xtatganini e’lon qildi. Rossiyadagi tarmoq do‘konlari, onlayn-do‘konlari va IKEA studiyalarida 4-martdan sotuvlar to‘xtatildi.
Sharhlar