Finlyandiyalik maktab o‘quvchilari ekskursiya chog‘ida Rossiya bilan chegarani kesib o‘tdi
Finlyandiya chegarachilari chegara hududida 10 nafar maktab o‘quvchisini aniqladi. Ularning besh nafari Rossiya hududiga kirgani tufayli, chegarani noqonuniy bosib o‘tganlikda gumon qilindi, deb yozadi “Kommersant” janubi-sharqiy Finlyandiya chegara xizmatiga tayanib.
Hodisa 12-sentabr kuni chegaraga yondosh Simpele tumanida yuz berdi. Ekskursiya chog‘ida bir guruh to‘qqizinchi sinf o‘quvchilari o‘z sinfidan ajralib, o‘rmonga — chegaraga qarab ketgan. U yerda ular Rossiya chegara postini aylanib o‘tish jarayonini videoga olgan.
Finlyandiya chegara xizmati dastlabki surishtiruvni boshlagan. Muassasa Finlyandiyada jinoiy javobgarlik 15 yoshdan boshlanishi tufayli, bolalarning ota-onalari bilan bog‘langan. Finlyandiya chegara hududida harakatlanish uchun ruxsatnoma olish talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Finlyandiya hukumati qarori bilan 2022-yil 30-sentabrdan rossiyalikalr uchun mamlakatga turizm maqsadida kirish, shuningdek, Finlyandiya orqali yevrohududning boshqa mamlakatlariga turistik tranzit cheklab qo‘yilgan.
Sharhlar